Malaka oshirish markazi
Arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi loyihalash va qurilish tashkilotlarining rahbar xodimlari, mutaxassislari va muhandis-texnik xodimlari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etadi.
Markazning tashkil etilishi
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-noyabrdagi 969-son qaroriga muvofiq universitet huzurida tashkil etilgan.
Markazning tuzilmasi va ustavi 2019-yil 11-yanvarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Qurilish vazirligi tomonidan tasdiqlandi va 2019-yil 18-yanvarda Davlat xizmatlari markazi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
O‘quv xonalari va jihozlar
Markaz faoliyatini tashkil etish, uning o‘quv-metodik va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida universitetning 3-o‘quv binosidan umumiy maydoni 195 m² bo‘lgan o‘quv va ma’muriy xonalar ajratildi. Xonalar mebel, inventar, axborot-kommunikatsiya uskunalari va o‘qitishning texnik vositalari bilan jihozlandi; 25 ta kompyuter internet tarmog‘iga ulandi.
O‘qish davrida tinglovchilar yashashi uchun universitet talabalar turar joyidan 20 o‘rin ajratildi.
O‘quv rejalari va dasturlari
Mutaxassislik bo‘yicha malaka oshirish kurslarining o‘quv rejalari va dasturlari Qurilish vazirligi bilan kelishilgan holda Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtirish kengashi tomonidan ma’qullangan (2019-yil 19-apreldagi 2-son bayonnoma) va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-maydagi “Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 451-son qarori ijrosi doirasida o‘quv rejalari va dasturlari qurilish sohasidagi zamonaviy yangiliklar va islohotlarga mos ravishda qayta ko‘rib chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlandi.
Mashg‘ulotlarni universitetning yetakchi professor-o‘qituvchilari hamda Samarqand shahridagi loyihalash va qurilish tashkilotlarining yetakchi mutaxassislari olib boradi.
Tinglovchilar
Viloyatlarda faoliyat ko‘rsatuvchi quyidagi tashkilotlarning rahbar xodimlari, mutaxassislari va muhandis-texnik xodimlari uchun malaka oshirish reja-grafiklari ishlab chiqilib, viloyat hokimliklari va tegishli tashkilotlarga yetkazilgan:
- qurilish-ishlab chiqarish pudrat tashkilotlari va loyiha tashkilotlari;
- viloyat va tuman qurilish boshqarmalari;
- viloyat hokimligining Injiniring kompaniyasi;
- “Qishloq qurilish invest” MChJ injiniring kompaniyasi;
- “Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUKning viloyat filiallari.
Faoliyat natijalari (2019–2020)
- 2019-yilda 12 ta guruhda 128 nafar tinglovchi malaka oshirish kurslarida o‘qidi.
- 2020-yilning yanvar–mart oylarida 9 ta guruhda loyihalash va pudrat tashkilotlarining 228 nafar rahbar, mutaxassis va muhandis-texnik xodimi malakasini oshirdi.