
Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida 1-Xitoy-Markaziy Osiyo ta’lim vazirlari uchrashuvining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu oliy darajadagi uchrashuv doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda bir qator oliy ta’lim muassasalari rahbariyati, jumladan universitet rektori Dr. Chidem Turkyilmaz ham ishtirok etdi.
Ushbu ta’lim uchrashuvining muhim dasturlaridan biri sifatida Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi bo‘yicha Xitoy-Markaziy Osiyo alyansi tashkil etildi. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalaridan mazkur ta’lim alyansining a’zosi hisoblangan universitet rahbariyati Tojikistonning Akademik M.S.Osimiy nomidagi Tojik texnika universiteti, Qozog‘istonning D.Serikbayev nomidagi Sharqiy Qozog‘iston texnika universiteti, Xitoyning Shinjon qishloq xo‘jaligi universiteti va Qirg‘izistonning I.Razzoqov nomidagi Qirg‘iz davlat texnika universiteti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda mintaqaning ushbu nufuzli oliy ta’lim muassasalari barcha sohalarda hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishi yaqin istiqbolda o‘zining ijobiy natijalarini berishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi bo‘yicha Xitoy-Markaziy Osiyo alyansi — Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida kasbiy va muhandislik ta’limi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Uning asosiy vazifasi — o‘zaro to‘ldiruvchanlik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan holda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasining mintaqaviy hamjamiyatini shakllantirish, ochiq muloqotni qo‘llab-quvvatlovchi samarali mintaqaviy rivojlanish platformasini yaratish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari va korxonalar o‘rtasidagi yaqin hamkorlikka asoslangan kadrlar tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlash tizimini ishlab chiqishdir. Bu esa Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida umumiy maqsadlarni o‘zida aks ettiruvchi hamjamiyat barpo etishga hamda “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusini ro‘yobga chiqarishga yangi ruh, yangi sur’at bag‘ishlaydi.