
2–3-fevral kunlari Samarqand davlat texnika universitetida O‘zbekiston va Italiya mutaxassislari ishtirokida xalqaro ilmiy-amaliy seminarlar bo‘lib o‘tdi. Seminarning birinchi kuni «Yangi urbanizatsiya konsepsiyasi: urbanizatsiya, san’at va madaniyat, muhandislik va arxitektura, ekobarqarorlik. Italiya va O‘zbekiston tajribasi» mavzusiga bag‘ishlandi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov, Jahon bankining shaharsozlik bo‘yicha katta mutaxassisi Mohamed Nada, universitet rektori Dr. Chidem Turkyilmaz, shuningdek O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar va muhandislik kompaniyalari vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Seminar doirasida yangi urbanizatsiya yondashuvlari, san’at va madaniyatning shahar rivojidagi o‘rni, ekologik barqaror arxitektura masalalari muhokama qilindi; davra suhbatlari, ochiq muloqotlar va talabalar bilan interaktiv uchrashuvlar tashkil etildi.
Xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Gabriele d’Annunzio University of Chieti–Pescara (Italiya), Hanseo University (Janubiy Koreya) hamda Qoraqalpoq davlat universiteti bilan anglashuv memorandumlari imzolandi. Kelishuvlar doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va ta’lim dasturlari hamda xalqaro seminar va konferensiyalar rejalashtirilgan.